Abdulla Sher *
Abdulla Sher 1943 yil 5 avgustda Toshkent viloyati Chinoz tumanining Yo‘ltushgan qishlog‘ida hunarmand-misgar oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni 1960 yil tugatib, dastlab boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi, keyin tuman gazetasida adabiy xodim bo‘lib ishladi. 1962 − 65 yillarda Sharqiy Olmoniyada harbiy xizmatni o‘tadi. 1965 − 70 yillarda Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zMU) Jurnalistika fakultetida o‘qidi. 1969 yildan boshlab “Guliston” jurnalining adabiy xodimi, bo‘lim mudiri, masʼul kotibi, “O‘zbekiston fizkulturachisi” gazetasi muharriri o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. 1970 − 81 yillarda Moskvadagi Oliy Adabiyot kursida o‘qidi. 1981 – 1984 yillar mobaynida “Yoshlik” jurnalining masʼul kotibi, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi birinchi kotibi o‘rinbosari, Yozuvchilar Uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limining masʼul kotibi lavozimlarida ishladi. 1984 − 89 yillarda erkin ijodkor, 1989 yildan 2011 yilgacha O‘zbekiston Milliy Universiteti Falsafa fakulteti Etika va estetika kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent va kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. 2011 yildan hozirgi paytgacha erkin ijodkor. U 1975 yildan buyon O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, 1977 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi (2016), Oliy taʼlim aʼlochisi (2000).
Abdulla Sher 1958 yildan boshlab badiiy ijod bilan shug‘ullanadi. 1959 yili ilk marta sheʼri matbuotda eʼlon qilingan. Birinchi sheʼrlar to‘plami “Ko‘klam tabassumi” 1973 yili chop etilgan. Shundan keyin u “Alyor” (1977), “Atirgul soyasi” (1979), “Roz” (1980), “Kuz hiloli” (1983), “Qadimgi kuy”, ”Aliy shipovnik” (1987), “Nuqtadan so‘ng” (1989), “Toqat” (1997), “Yonayotgan yo‘l” (2007), “Yomg‘irlar oralab” (2009), “Sarbast qo‘shiqlar”, “Sevgi olmoshi”, “Sevilmagan mening sevgilim” (2010), “Gul yillar, bulbul yillar” (Saylanma, 2012), “Kurtaklarga berkingan bahor” (2016), “Chayqalgan qayiqlarda” (2019) sheʼriy kitoblarini va “Asrlarning asraganlari” nasriy to‘plamini chop ettirdi. Ayni paytda u Jorj Bayronning “Don Juan” sheʼriy romanini ingliz tilidan, Haynrix Haynening “Qo‘shiqlar kitobi” va “Olmoniya” dostonini olmon tilidan tarjima qilgan. Shuningdek, rus tilidan Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Axmatova, Charens, Tvardovskiy va boshqa shoirlar asarlarini ham o‘zbek tiliga o‘girgan. Uning sheʼrlari va dostonlari rus, litva, ingliz, ispan, ozarbayjon, turk, qozoq, qrimtatar, assam va boshqa tillarga tarjima qilingan.
Shu bilan birgalikda Abdulla Sher faylasuf olim sifatida ham mashhur: maqolalari, suhbatlari mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi tomonidan doimo o‘ziga xos yangilik sifatida qabul qilib kelinadi, uning “Axloqshunoslik” (200, 2003, 2010) va “Estetika” (2014, 2015) darsliklaridan esa xorijiy mamlakatlarda ham foydalaniladi. “Abadiyat va umr” (2017) hamda “Go‘zallik yog‘dusi” (2017) deb atalgan yirik falsafiymaʼrifiy va falsafiyestetik kitoblar muallifi. Hozirgi paytda u erkin ijodkor sifatida badiiy va falsafiy asarlar hamda yangi tarjimalar ustida ish olib bormoqda.
Поделиться с друзьями в соцсетях