Amirqul Karim *
Amirqul Karim, (Amirqul Karimov) 1960 yil 2 sentyabrda Shahrisabz tumanining Yangi qishlog‘ida tug‘ilgan.
1967 – 1977 yillar Shodi Shoyimov nomli maktabda o‘qigan. 1979 yilda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, 1983 yildan o‘qishni Leningrad Davlat universitetida davom ettirgan. 1985 yilda Leningrad Davlat universitetining jurnalistika fakultetini, 1994 yilda Hindiston Javarla’l Neru universitetining Ommaviy axborot vositalari institutini bitirgan. Mehnat faoliyatini “Turkiston” (avvalgi “Yosh leninchi” gazetasida boshlab (1985–89), keyin “Yosh kuch” jurnali bo‘lim boshlig‘i (1989–1991), O‘zbekiston Milliy axborot agentligida (1991–1996) xodim, bo‘lim boshlig‘i, xalqaro axborot tahririyati Bosh muharriri, O‘zbekiston Milliy matbuot markazi raisi (1996–2003), bir vaqtning o‘zida “Hurriyat” gazetasi Bosh muhariri (2002–2003) vazifalarida faoliyat yuritgan. 2003 yil mart oyidan “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi vazifasida ishlab kelmoqda. 1975 yildan buyon mamlakatimizdagi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Hurriyat”, “Mohiyat”, “Turkiston”, “Hayot”, “Darakchi” kabi ko‘plab gazetalarda, “Sharq Yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik”, “Yosh kuch”, “Sanam”, “Tafakkur” kabi jurnallarda, televidenie va radioda muntazam ravishda she’rlari, tarjimalari, publisistik turkumlari bilan qatnashib kelmoqda. “Kuzda gullagan daraxt”, “Oq tunlar”, “Ilinj”, “Sening gullaring”, “Shabnam terayotgan quyosh” (1990 yil) kabi she’riy to‘plamlar muallifi, “Amir Temur o‘gitlari” (1990 yil) kitobi hammuallifi. V.Cherevanskiyning “Amir Temur” tarixiy qissasini Hurshid Do‘smuhammad bilan (1993 yil), Nobel mukofoti laureati J.Steynbekning “Javohir” qissasi (2000 yil), rus shoiri V. Visotskiyning “Ta’qiqlangan qo‘shiqlar” she’rlar to‘plami (2006 yil) – tarjimalari chop etilgan. Vatan, ona yurt, insoniylik, sevgi va sadoqatni madh etuvchi – “Sohibjamol”, “Sening gullaring”, “Muhabbatni sog‘inar bahor”, “O‘zbekiston”, “Qalbimni elga berding”, “Ko‘ngil”, “Shu qiz doim bor bo‘lsa”, “Yorning jamoli” kabi, xalqimizga manzur qo‘shiqlar yaratgan. Ijodiy va ijtimoiy faoliyati tufayli bir necha marotaba “Yilning eng yaxshi jurnalisti” mukofotiga, 4 marotaba “Mustaqillik” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilgan, hamda “Oliy ta’lim a’lochisi” deb e’tirof etilgan.
Поделиться с друзьями в соцсетях