Farid Usmon *
Farid Usmon 1946 yil 1 avgustda Andijon shahrida xizmatchi oilasida tug‘ildi.
Andijon davlat universitetining filologiya fakultetida, Moskvadagi M. Gorkiy nomli Adabiyot institutida (1985–1987) tahsil oldi. “Gulxan” jurnalida, Yozuvchilar uyushmasining targ‘ibot markazi viloyat bo‘limida, Andijon davlat tillar pedagogika instituti siyosiy fanlar kafedrasida, maktab va kasb-hunar bilim yurtlarida, Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limida xizmat qildi. 1998 yildan Andijon viloyat hokimligi o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi hamkorligida chop etilayotgan ijtimoiy-ma’rifiy nashr – “Kelajak” gazetasida muharrirlik qildi.
Farid Usmon badiiy adabiyotga o‘tgan asrning 70-yillarida kirib keldi. Dastlabki turkum she’rlari “Yoshlik bayozi”, “Yoshlik” to‘plamlarida, gazeta va jurnallarda chiqa boshladi. She’rlari taniqli hofizlar tomonidan qo‘shiq qilib kuylandi.
“Umid gulzori” (1976), “Navosiz navo” (1978), “Ul qaro ko‘z bo‘lmasa…” (1979), “Sochlaringda tun uyqusi” (1980), “Qadr kechasi”, “Jon qushi” (1997) kabi kitoblari, “Men kichikmas, kattaman”, “Bir juft binafsha”, “Oq oltin”ga ko‘k chiroq” singari bolalarga atalgan she’riy majmualari bosilib chiqdi. “Shahzod”, “Hovlidagi hangoma” kabi sahna asarlari Yosh tomoshabinlar teatrida namoyish etildi.
Mustaqillik yillarida Farid Usmon “Ruh bulbuli” (2009), “Husn dovoni” (2006), "Qaylarga qochay laylo"(2010), “Yangi oy” (2011), “Meni sev” (2011),"Shoh Bobur yulduzi"(2013), "Andijon yurtida to‘lgan oy"(2019) singari kitoblar chop ettirdi.
"Do‘stlik" ordeni sohibi.
Поделиться с друзьями в соцсетях