Xalima Xudoyberdiyeva
Halima Xudoyberdieva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida dunyoga kelgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972).
«Saodat» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1972—75), bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir (1982—94), Yoshlar nashriyotida bo‘lim mudiri (1978—82), O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (1990—94), «Yozuvchi» nashriyotida etakchi muharrir (1996—98), «Sanam» jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1998—2003), 2004 yildan «XXI asr» gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan.
Halima Xudoyberdievaning ilk she’rlari o‘quvchilik yillarida Yangier tumani gazetasida bosilgan (1964). Shundan keyin uning «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Bu kunlarga etganlar bor», «Hurlik o‘ti» (1993), «To‘marisning aytgani» (1996) «Yo‘ldadirman» (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan.
Halima Xudoyberdievaning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To‘fon Minnullinning «Alla» pesasi uning tarjimasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgandi. Fazu Alieva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov ijodidan tarjimalar qilgan.
Shoira she’rlarida sevgi-sadoqat, mehr va muruvvat tuyg‘ularini tarannum etarkan, ular orqali o‘zbek xotin-qizlarining orzu va armonlarini izhor qiladi. Va ayni paytda lirik qahramon o‘y-xayollarini, uning ichki kechinmalarini yorqin ifodalaydi. Bu bilan u zamondoshlarida ayollarga nisbatan hurmat va muhabbat hislarini uchqunlantirishga intiladi. Uning ko‘plab she’rlari xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Halima Xudoyberdiev birinchi chaqiriq Oliy Majlis deputati, Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1990), O‘zbekiston xalq shoirasi (1992 yil). 2018 yilda "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlangan. Shoira 2018 yil 17 avgust kuni vafot etgan.
Поделиться с друзьями в соцсетях