Hamidjon Homidiy *
Hamidjon Homidiy 1935 yil 4 oktyabrda Namangan viloyati, Kosonsoy shahrida etikdo‘z oilasida tug‘ilgan.O‘rta maktabni tugatgach, Kosonsoy bosmaxonasida xarf teruvchi, gazetaning ma’sul kotibi bo‘lib ishlagan.1956-61 yillar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)ning “Tarix-filologiya” fakultetida tahsil olgan. Bo‘lajak zullisonayn olim Hamidjon Homidiy institutning O‘zbek tili kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1963-67 yillar davomida O‘zbek adabiyoti kafedrasi aspiranturasida o‘qib: 1968 yili nomzodlik, 1990 yili doktorlik dissertasiyalarini himoya qilgan.1982-2010 yillarda universitetning “Hozirgi o‘zbek adabiyoti” hamda “O‘zbek klassik adabiyoti” kafedralarini boshqardi. Turli yillarda olimning “Gumanizm kuychisi”, “Barhayot she’riy qasr”, “Boqiy bo‘ston tarovati”, “Shohnomaning shuhrati”, “Qirq besh alloma Hikoyati”, “Ajdodlar sabog‘i – aql qayrog‘i”, “Ko‘hna Sharq darg‘alari”, “Mashriqzamin – hikmat bo‘stoni” (hammuallif), “Tasavvuf allomalari”, “Olis-yaqin yulduzlar”, “Namangan adiblari” (hammuallif), “Koson tarixi” (hammuallif), “Avestodan Shohnomaga”, “Daholar davrasi” singari o‘ttizga yaqin kitoblari nashr qilingan.Bundan tashqari olim bir qancha darslik va o‘quv qo‘llanmalarning muallifidir. Turli ilmiy to‘plam, jurnal hamda vaqtli matbuotda olimning 500 dan ortiq maqolalari e’lon qilingan. Ilmiy maqolalari Tehron, Boku, Olmaota, Dushanbe, Ho‘jand shaharlaridagi majmua hamda qomuslardan ham o‘rin olgan. U “Do‘stlik” ordeni hamda “Mustaqillikning 15 yilligi”, 1972 va 1984 yillarda “Halq maorifi a’lochisi” nishonlari bilan taqdirlangan.
Поделиться с друзьями в соцсетях