Muxtor Xudoyqulov *
Taniqli o‘zbek hajvchi yozuvchisi, masalnavis shoir va olim Muxtor Xudoyqulov 1936-yil 1-noyabrda Farg‘ona viloyatining Rishton tumaniga qarashli Jaloyir qishlog‘ida tug‘ilgan. 1959-yilda O‘rta Osiyo Davlat universitetining jurnalistika bo‘limini tamomlab respublikaning markaziy gazeta va jurnallari tahririyatlarida ishlagan. U ko‘p yillardan beri Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakulteti va O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universitetida dars berib keladi.
Muxtor Xudoyqulov o‘z ijodining boshlanishida masalchi shoir sifatida tanildi. Uning “Qoya va Xarsangtosh”, “Zirapcha”, “Hangomalar”, “Soyalar”, “Qirq masal”, “Alomat dunyo”, “Ko‘z bo‘lmasa peshona”, “Ming bir masal” kabi masal va hajviy sheʼrlari to‘plamlari bosilib chiqqan. Uning “Tongdagi chiroq” to‘plamida esa lirik sheʼrlari joy olgan. Yozuvchi shuningdek “Qadamlariga hasanot”, “O‘ylab topilmagan hikoyalar”, “Rivoyatlar va hikoyatlar”, “Dadam haqida hikoyalar” singari hikoyalar, «Mashhur izquvar Sherlok Xolmsning uyida mehmon bo‘lganim», «Everest cho‘qqisi ustida nonushta qilganim» kabi sayohat va boshqa ko‘plab nasriy va hajviy hikoyalar to‘plamlarining ham muallifi sanaladi. Adibning bolalar uchun yozgan “Quvnoq alifbe”, “Sanoq sonlar suhbati”, “Mittivoyning ajoyib va g‘aroyib sarguzashtlari”, “Kitob-oftob”, «Sindbodning yangi sarguzashtlari» kabi kitoblari yosh o‘quvchilarga manzur bo‘lgan.
Muxtor Xudoyqulov keyingi yillarda dramaturgiya bilan shug‘ullanib bir qator sahna asarlari yozdi. Uning “Ibtido va Intiho” dramatik diologiyasi, “Iskandarning shoxi”, “Shahrixonlik kanizak” tarixiy dramalari, zamonaviy mavzuda yozilgan “Omonyor”, «Ko‘ksaroyga yo‘l» dramalarida muhim ijtimoiy masalalar qalamga olingan.
Muxtor Xudoyqulov tarjima sohasida ham samarali ijod qilib keladi. U qadimgi yunon masalchisi Ezopning masallari, mashhur xitoy faylasufi Konfutsiyning hikmatlari, fransuz masalchisi J. Lafonten, rus masalchisi I.A.Krilov, hozirgi zamon rus shoiri S.Mixalkovning masal va hajviy sheʼrlarini, yugoslav yozuvchisi B.Nushich, gruzin adibi N.Dumbadzening roman va hikoyalari, bulg‘or xalq yumori − «Gabrovo latifalari»ni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Serqirra ijodkor M.Xudoyqulov filologiya fanlari doktori, matbuot nazariyasi bo‘yicha yirik mutaxassis olim hamdir. Uning “Jurnalistikaga kirish”, “Ommaviy axborot vositalari nazariyasi”, «Ommaviy axborot vositalari tipologiyasi», “O‘zbek hajviy publitsistikasi”, “Badiiy publitsistika janrlari”, “Jurnalistika va publitsistika” kabi asarlari bo‘lajak jurnalistlar uchun o‘quv qo‘llanmasi va darslik sifatida xizmat qiladi. Muxtor Xudoyqulov respublikamiz ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan ko‘pgina jurnalistlarning ustozi hisoblanadi.
Поделиться с друзьями в соцсетях