Dilshod Rajab *
Dilshod Rajab o‘zbek bolalar she’riyatining istedodli vakillaridan biri. U 1964 yil Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ziyoli oilasida tug‘ildi. 1982 yil A.Navoiy nomli 4-o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirib, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika instituti (hozirda universitet) o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirdi. 1983 – 1985 yillar harbiy xizmatda bo‘lib qaytgach tahsilni davom ettirdi. 1989 yil oliy dargohdagi tahsilni tugatib, o‘zi o‘qigan 4-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1990 – 1993 yillar Nizomiy nomidagi TDPI aspiranturasida o‘qib. Filologiya fanlari doktori, professor P.Shermuhamedov ilmiy raxbarligida “80-yillar o‘zbek bolalar she’riyatida poetik mahoratning ayrim masalalari” mavzusida nomzodlik ishini yozib, himoya qildi.
U 1994 – 2004 yillarda O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasida, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi “Adabiyot jamg‘armasi” nashriyotida, Respublika “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasida turli lavozimlarda ishladi. 2005 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Muhofaza+” jurnali, “Vaziyat” gazetasi birlashgan tahririyatida bosh muharrir sifatida faoliyat yuritmoqda. Yuzdan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop va publisistik maqolalari chop etilgan.
Jurnalistika sohasida VI “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov sovrindori (2011 yil).
Shoir, filologiya fanlari nomzodi Dilshod Rajab o‘zining bolalarga atalgan qator kitoblari, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari bilan o‘zbek bolalar adabiyoti rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
U ayni paytda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi a’zosi sifatida ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Поделиться с друзьями в соцсетях