Erkin Vohidov
Erkin Vohidov — taniqli o‘zbek shoiri va jamoat arbobi. 1936 yilning 28 dekabrida Oltiariq tumanida o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. To‘qqiz yoshida otasidan, bir yildan so‘ng onasidan ajralgan. Toshkentlik tog‘asi Karimboy Sohiboev qo‘lida tarbiyalangan. ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetida (1955—1960) tahsil olgan. So‘ng turli nashriyot va gazeta-jurnallarda ishladi. Respublikamiz yoshlarining birinchi jurnali «Yoshlik»ning asoschisi (1982).U I va II chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Keyingi yillarda O‘zbekiston Oliy majlisining qo‘mita raisi vazifasida ishlagan. Uning birinchi kitobi «Tong nafasi» 1961 yilda chop etildi. Shundan so‘ng uning «Qo‘shiqlarim sizga» (1962), «Yurak va aql» (1963), «Mening yulduzim» (1964), «Nido» (1964), «Lirika» (1965), «Palatkada yozilgan doston» (1966), «Yoshlik devoni»(1969), «Charog‘bon» (1970), «Quyosh maskani» (1972), «Tirik sayyoralar» (1978), «Sharqiy qirg‘oq» (1981), «Kelajakka maktub» (1983), «Muhabbat» (1984), «Hozirgi yoshlar» (1986), «Iztirob» (1991), «Yaxshidir achchiq haqiqat» (1992) kabi she’riy to‘plamlari nashr qilindi. Shoir inson ruhiyatining nozik va ilg‘ash mushkul manzaralarini ta’sirchan aks ettirgan. Odamni komil ko‘rmoq istagi uning she’rlari asosini tashkil qiladi.
Erkin Vohidov rus shoiri Sergey Eseninning she’rlarini buyuk mahorat bilan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
2016 yilning 30 may kuni taniqli ijodiy arbob va O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etdi.
Поделиться с друзьями в соцсетях