O'rol Nosirov
Adabiyotshunos olim, professor, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi O‘rol Nosirov 1939 yil 24 dekabr kuni Jizzax viloyati Jizzax tumani (xozirda Sharof Rashidov tumani) da ziyolilar oilasida tug‘ilgan.
1957 yil Jizzax pedagogika bilim yurtini, 1962 yil Samarqand davlat universitetini tamomladi. 1967 yil — Samarqand davlat universiteti aspiranti bo‘lgan.
Bo‘lg‘usi olim o‘z mehnat faoliyatini 1967 yilda Samarqand davlat pedagogika institutida boshlagan. 1969—1971 yillarda «Qashqadaryo haqiqati» gazetasi tahririyati adabiy xodimi, mas’ul kotibi o‘rinbosari lavozimlarida, 1971—1974 yillarda Qarshi davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. 1974—1985 yillarda — Jizzax davlat pedagogika instituti kafedra mudiri, fakultet dekani, 1985—1986 yillarda — Jizzax viloyati xalq talimi boshqarmasi inspektori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1986—1992 yillarda — Jizzax davlat pedagogika instituti dosenti, professori, fakultet dekani lavozimlarida ishlab ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
U.Nosirov Jizzax viloyatining qadimiy tarixini o‘rganib, hali jamoatchilikka noma’lum bo‘lgan 170 ga yaqin tarixiy siymolar haqida ma’lumotlarni nashrga tayyorladi. Shuningdek, «Ijodkor shaxs», «Obrazlarda uslub jilolari» (1991), «Jizzax viloyati» (1996), «Ta’zim» (1996), «Jizzaxning jannat buloqlari» (2003), «Istiqlolim — istiqbolim» (2007), «Mahalla — fuqarolik jamiyatining asosi» (2008) kabi kitob va risolalari, «Qanot qoqa boshlagan Humo» (2003) telefilmi, «Jizzaxdan aytar so‘zim» (2011), «O‘zbeklar shajarasi» monografiyasi (2011), bir necha bukletlari, 300 dan ortiq maqolalari bilan ma’naviy-mafkuraviy ta’lim va targ‘ibotga ulkan hissa qo‘shib kelgan.
O‘rol Nosirov 2018 yil 4 sentyabr kuni vafot etgan.
Поделиться с друзьями в соцсетях