Zamiraxon Ro'ziyeva *
Taniqli shoira va jurnalist Zamiraxon Xodjamberdieva (Zamira Ro‘zieva) vatanparvarlik ruhidagi sherlari, dostonlari, publisistik asarlari bilan adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.
Zamiraxon Xodjamberdieva 1957 yil 26 dekabrda Andijon shahrida tavallud topgan. 1980 yilda O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1989 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 2015 yilda "Shuhrat medali" bilan mukofotlangan.
Uning shu kungacha o‘ndan ziyod kitoblari chop etilgan. “Munavvar yurtim” (1982), “Gul islari” (1985), “Qirq o‘rim soch” (1994), “Nashida” (1994), “Atirgulga aylanaman” (2002), “Jon rishtasi” (2007), “Sarchashma” (2007), “Tashnadil” (2009), “Umid bog‘i” (2013), “Dil chirog‘” (2013), “Xayratning surati” saylanma (2016), “Rushnolik” (2019) nomli kitoblari o‘z o‘quvchisini topgan. “Yoshlik” almanaxiga, “Yoshlik bayozi”, “Andijon shoir va yozuvchilari”, “Andajonim mening”, “Andijonim-Andajonim” kabi jamoa to‘plamlariga turkum she’rlari kiritilgan.
Shoira she’riy va publisistik asarlari bilan respublika miqyosidagi qator tanlovlarda g‘olib bo‘lgan. Jumladan, “Vatandan buyuk dard yo‘q” maqolasi
1997 yilda “Mehring bilan yashaymiz, Vatan” tanlovida, Bobur g‘azaliga ikki muxammasi 1993 yilda “Boburga bag‘ishlangan she’rlar” tanlovida, “Sohibqiron Temur bobo” she’ri “Amur Temurga bag‘ishlangan she’rlar” tanlovida, 2014 yilda “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori, “Ey dil” qo‘shig‘i “Yilning eng yaxshi qo‘shig‘i – 2016” tanlovlarida g‘olib bo‘lgan.
Uning ko‘plab she’rlariga Anor Nazarov, Bahrulla Lutfillaev, Abduhoshim Ismoilov, Avaz Mallaboev, Qahramon Komilov kabi Respublikamizning taniqli bastakorlari kuy bastalaganlar. Bu qo‘shiqlar G‘ulomjon Yoqubov, Zulayho Boyxonova, Sultonposhsha O‘daeva, G‘iyos Boytaev, Sharofat Tojiboeva, Dilnura Qodirjonova (marhum), Sarvara kabi qator taniqli xonandalar ijrosida Respublikamizning katta bayram tantanalarida yangragan. Shoiraning bir nechta qo‘shiqlari san’at instituti talabalari uchun chop etilgan “Yakkaxon xonandalik” darslik qo‘llanmasiga kiritilgan.
Поделиться с друзьями в соцсетях